Xalqaro turnir gʻolibi tantanali kutib olindi

0
2005

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qismning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisi, kichik serjant Ramazon Temirov eng nufuzli xalqaro aralash jang sanʼati (MMA) boʻyicha tashkilotlarning kuchli beshtaligiga kiruvchi “RIZN” turnirida navbatdagi jangini oʻtkazib, yurtimizga gʻolib boʻlib qaytdi.

Yaponiya davlatida tashkil etilgan musobaqaga dunyoning deyarli barcha davlatlaridan tashrif buyurgan jangchilar oʻzaro bellashuvga kirishdi. Yengil vazin boʻyicha ishtirok etgan kichik serjant Ramazon Temirov mezbon yaponiyalik raqibini birinchi raundning oʻzidayoq muddatidan avval yengib, turnir gʻolibligini qoʻlga kiritdi.

Yurtimiz bayrogʻini xalqaro nufuzli turnirda yuqorilarga koʻtargan harbiy Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan musiqa sadolari ostida tashrif buyurgan harbiy sportchiga Mudofaa vazirligi rahbariyati va Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan qimmatbaho va esdalik sovgʻalari topshirildi. Ramazon Temirovning yaqinlari hamda ota-onasiga minnadorchilik bildirilib, hurmat va ehtrom koʻrsatildi.