Farg‘onada “Ibratli tengdoshim” tadbiri yoshlarni birlashtirdi

0
942

Farg‘ona shahridagi umumta’lim maktabi o‘quvchilari, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari, Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirokida “Ibratli tengdoshim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida yoshlar harbiy orkestr musiqalari bilan tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng, harbiy qism xotira maydoniga gulchambar qo‘yilib, yurtimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan qahramonlar xotirasi yodga olindi.

Yoshlar uchun harbiy qism bo‘ylab sayohat tashkil etildi va bu o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. O‘quv binosidagi mashg‘ulot sinflarida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik darslari bo‘yicha o‘quvchi yoshlarga batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Tadbirning asosiy qismida o‘quvchilar, muddatli harbiy xizmatchilar va harbiy-akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Maktab o‘quvchilari tomonidan Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi faoliyati, ta’lim jarayonlari hamda tengdoshlarining kun tartibi va erishgan yutuqlariga katta qiziqish bildirildi.

Muddatli harbiy xizmatchilar esa bugungi kunda milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, yangiliklar va yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, yigitlik burchini o‘tayotgan er yigitlarning kundalik mashg‘ulotlari hamda Vatanni himoya qilishdek sharafli va mas’uliyatli xizmat jarayonlari haqida ko‘plab ma’lumotlar berib o‘tdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati