Qashqadaryoda ham “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻini yakunlandi

0
923

Profilaktik hisobda turgan hamda uyushmagan yoshlar bilan tizimli oʻtkazib kelinayotgan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻinining navbatdagisi Qashqadaryoda ham yuqori saviyada oʻtkazildi.

Qarshi shahridagi yoshlar markazi binosida viloyatning barcha tumanlaridan jam boʻlgan yuzdan ortiq ishtirokchilarni oldinda nimalar kutayotgani borasida masʼullar tomonidan tushuntirishlar berildi. Shundan soʻng, ular Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qism tomon yoʻl oldi.

Malakali harbiy shifokorlar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan yoshlarga harbiy kiyim-boshlar tarqatilib, ushbu libosga munosib boʻlish alohida uqtirildi.

Tantanali marosimda soʻz olganlar yoshlarni yigʻin davomida harbiylardan tartib-inizom, sadoqat va shijoat singari er-yigitni bezovchi sifatlarni oʻrganishga undadi.

Bir necha kun davom etgan yig‘in belgilangan reja asosida jismoniy tayyorgarlik mashqlari, tarix fani saboqlari, malakali mutaxassis ustozlar tomonidan biznes treninglar, kasbga oʻqitish singari mashgʻulotlar ishtirokchilarni har jihatdan tobladi desak adashmaymiz.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni bilan uchrashuv esa yoshlar yodida bir umrga saqlanib qolishi aniq. Doʻstona muloqot ruhida boshlangan suhbat avvalida qoʻmondon yoshlarga bolalikdan generallikkacha bosib oʻtgan yoʻli haqida soʻzlab berdi. 

Yakunda tashkil etilgan marosimda yigʻin davomida oʻtkazilgan turli sport va bilim bellashuvlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar tantanali taqdirlandi. Shuningdek, oʻzini ijobiy xulqi bilan koʻrsata olgan bir guruh yoshlarni profilaktik hisobdan chiqarish boʻyicha tavsiyanomalar tarqatildi.

Shuningdek, “Termiz” umumqoʻshin dala poligonida ham “Jasorat maktabi” yigʻini boʻlib oʻtmoqda. Yigʻin dasturiga asosan yoshlar ishtirokida tonggi badantarbiya, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, jangovar va saf tayyorgarligi kabi oʻquv mashgʻulotlari malakali ofitserlar tomonidan oʻtkazilmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati