“Termiz” poligonida ko‘rgazmali batalyon taktik o‘quvi o‘tkazildi

0
1767

Qo‘shinlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida milliy armiyamizning jangovar shayligini yanada oshirish, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini bugungi kun talablari asosida tashkil etish eng muhim masala hisoblanadi. Janubi g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” dala o‘quv maydonida harbiy qism komandirlari va ularning jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokidagi ko‘rgazmali batalyon taktik o‘quvida ham ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Dala o‘quv maydoni bo‘ylab tashkil etilgan o‘ttizga yaqin o‘quv nuqtalarida jang olib borishning o‘ziga xos ko‘rinishlari yurt himoyachilariga amaliy tarzda namoyish etildi. Xususan, yig‘in davomida turli sharoitlarda jangovar harakatlarni olib borish, razvedka qidiruv ishlarini tashkil etish, shartli dushman istehkomiga hujum uyushtirish, qurshovga olish, guruhni uyg‘unlikdagi harakatini ta’minlash kabi ko‘rgazmali mashg‘ulotlar olib borildi. Bunda qo‘shinlar hamkorligi muhim rol o‘ynadi.

Batalyon taktik o‘quvida eng muhim jihatlardan biri tungi mashg‘ulotlardir. Ana shunday sharoitlarda hamkorlikda harakatlanish, yuqori qo‘mondonlikdan kelgan har bir vazifani o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuksak malaka va tajriba talab etadi. Yurt himoyachilari tungi mashg‘ulotlarda jang olib borishning o‘ziga xos uslublaridan foydalandi. Har bir bosqich okrug qo‘mondonligi mas’ul ofiserlari tomonidan tahlil etib borildi.

Bir necha kun davom etgan ko‘rgazmali batalyon taktik o‘quvi davomida Vatan posbonlarining kasbiy mahoratini oshirish, sarhadlarimizni munosib himoya qilish, har qanday vaziyatda qo‘shinlarning shayligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni