Bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolarining safi ortib bormoqda

0
1481

Poytaxtimizda joylashgan “Vatanga qasamyod” haykali poyida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolariga koʻkrak nishonlarini topshirish, shuningdek, harakat aʼzolarining tantanali vaʼda berish marosimlari boʻlib oʻtdi.

Tadbirlarda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Mudofaa vazirligining masʼul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari va oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Marosim avvalida “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv va sport texnikalari, tashkilotning sport seksiyalariga aʼzo boʻlgan yoshlar tomonidan yasalgan raketamodel va aviamodel namunalari hamda oʻq otish sport turida qoʻllaniladigan pnevmatik qurollarning namoyish etilishi tadbirga tashrif buyurgan yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Mudofaa vazirligi harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar tadbirga yanada fayz ulashdi.

Shuningdek, bu kabi tadbir “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida ham tashkil etildi. Unda Olmazor tumanida joylashgan umumta’lim maktablarining o‘quvchi yoshlari ishtirok etib, tantanali vaʼda berdilar.

Yulduz O‘rmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti