Urganchda “Jasorat maktabi”ning navbatdagi yigʻini boʻlib oʻtdi

0
1043

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Urganch garnizonidagi harbiy qismlarning birida “Jasorat maktabi”ning navbatdagi oʻquv yigʻini oʻtkazildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bilim va koʻnikmalari hamda maʼnaviyati va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, eng muhimi, kasbga yoʻnaltirishga qaratilgan yigʻinning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimligi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Urganch harbiy prokuraturasi, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur yigʻinda 100 ga yaqin band boʻlmagan yoshlar mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan 15 dan ortiq kasb-hunarga oʻqitilishi belgilangan boʻlib, unda nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻrin olgan. Xususan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va oʻqitish boʻyicha “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, 10 kun ichida yoshlar bilan jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari savodxonligi, tadbirkorlik hamda kasb-hunarga oʻrgatish, jumladan, avtoservis xizmati, gipsokarton va profnastil ustachiligi, santexnik va chilangarlik, umumiy qurilish ishlarini oʻrganish boʻyicha mashgʻulotlar olib boriladi. Mashgʻulotlardan tashqari yigʻin tinglovchilari shaxsiy rivojlanishga qaratilgan psixologik treninglar, “Zakovat” oʻyinlari, taniqli insonlar bilan uchrashuvlar va sport musobaqalariga jalb etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Jasorat maktabi” katta hayot sari odimlashda yoʻl tanlayotgan yoshlarga koʻmak berib, kelajagi uchun muhim taʼlim va tarbiya jarayoniga aylanmoqda.

Ishtirokchilar bilan mashgʻulotlar Urganch garnizonidagi harbiy qismda hamda Urganch shahridagi qurilish sohasi boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida olib boriladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati