Andijonda qo‘mondon “Jasorat maktabi” yoshlari bilan uchrashdi

0
1087

Andijon garnizonidagi harbiy qismda yuzga yaqin andijonlik yoshlar ishtirokida “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig‘ini boshlandi. Tantanali ochilish marosimida yig‘in ishtirokchilariga mazkur harbiy-vatanparvarlik yig‘inidan ko‘zlangan maqsad, mashg‘ulotlar, imtiyozlar va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi. Faxriy qorovul hamda badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari yoshlarga a’lo kayfiyat ulashdi.

Yig‘inning ilk tadbiri “General va yoshlar uchrashuvi” bo‘ldi. Uchrashuvda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Aybek Saidov, okrug mas’ul ofitserlari, Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat kengashi, “Ishga marhamat” monomarkazi mutaxassislari, Yoshlar agentligi, faxriylar va nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yoshlar bilan samimiy muloqotga kirishib, bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan yoshlarimizga qaratilayotgan e’tibor, milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, oliy harbiy bilim yurtlari haqida hamda ko‘plab kerakli ma’lumotlarni berib o‘tdi.

Ochiq muloqot davomida yoshlar ko‘plab savollariga javoblar oldi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi. Tadbir yakunida qo‘mondon tomonidan faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati