Harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi

0
1427

Mavjud muammoli masalalarni muhokama qilish, ularni yechimi boʻyicha optimal mexanizmni ishlab chiqish va oʻzaro tajriba almashish maqsadida Mudofaa vazirligiga qarashli Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi harbiy qismda Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatlarida joylashgan harbiy qismlarning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari ishtirokida oʻquv-uslubiy yigʻin boʻlib oʻtdi.

Dastlab yigʻin saf koʻrigidan boshlanib, harbiy xizmatchilarning yigʻinga tayyorgarligi nazoratdan oʻtkazildi. Shundan soʻng yigʻinning maqsad va vazifalari yetkazilib, harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Yigʻin davomida sohaga doir yangi buyruq va direktivalarning mazmun-mohiyati, yoʻnalish boʻyicha jangovar hujjatlarning ishlab chiqilishi va yuritilish tartibi boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, yigʻin ishtirokchilari bilan jismoniy tayyorgarlikdan nazorat sinov meʼyorlari ham qabul qilindi.

Uch kun davom etgan oʻquv-uslubiy yigʻin davomida harbiy xizmatchilarni maʼnaviy ozuqa olishlari uchun Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalariga sayohatlar ham tashkil etildi.

Yigʻinning yakuniy qismida esa ijrochilik va harbiy intizom holati hamda xizmat faoliyatiga oid tanqidiy tahlillar oʻtkazildi.