“Eng ilgʻor artilleriya hisobi” musobaqasining final bosqichi boshlandi

0
1348

Markaziy harbiy okrug Kattaqoʻrgʻon dala oʻquv maydonida “Eng ilgʻor artilleriya hisobi” musobaqasining uchinchi — final bosqichi boʻlib oʻtmoqda.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimi har yilgidan oʻzgacha kechib, unga poligon aholi yashash manzillaridan uzoq boʻlishiga qaramay jamoat tashkilotlari vakillari, oqsoqollar, Qurolli Kuchlar faxriylari, oʻquvchi yoshlar taklif etildi. Qurolli Kuchlar Bosh shtabi artilleriya qoʻmondoni-artilleriya boshqarmasi boshligʻi polkovnik F.Igamberdiyevning qutlovi va samimiy tilaklaridan keyin harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali chiqishlar, konsert dasturi namoyish qilindi.

Shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilarning istiqlol uchun kurashgan jadid bobolarimiz timsolida maydonda paydo boʻlishi va ularning oʻgitlari, sheʼrlari hamda yoshlarga daʼvatlarini, shuningdek, jangovar mashqlardan namunalarni, bolajonlarning qoʻshiq-raqslarini yigʻilganlar olqishlar bilan kutib oldilar.

Barcha harbiy okruglardan kelgan jamoalar 18-sentabr erta tongdan dala maydonida oʻz oʻrinlarini egalladi. Qurʼaga koʻra Markaziy harbiy okrug hisoblari birinchi boʻlib shartlarni bajarishga kirishdi. Bu galgi musobaqalarda ofitserlar vazifalarini ham shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilar, serjantlar bajarishdi. Bu real jang holatlari inobatga olinib rejalashtirilgan.

Artilleriya boʻlinmalarida yuqori jangovar axloqiy idrok muhitini yaratish, jangovar shaylikni oshirish, mutaxassislarning amaliy koʻnikmalarini jang sharoitlariga mos ravishda yanada yuksaltirish maqsadlarida umumiy oʻnta yoʻnalish boʻyicha musobaqa gʻoliblari hafta yakuniga borib aniqlanadi.

Furqat Ergashev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti