Harbiy qism tashkil etilganining 24 yilligi keng nishonlandi

0
1763

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda harbiy qism tashkil etilganining 24 yilligi munosabati tantanali tadbir oʻtkazildi. Unda okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, faxriylar, jamoatchilik vakillari hamda harbiy qism shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Okrug qoʻmondonligi mas’ullari tabrik soʻzida dastlab, harbiy qism shaxsiy tarkibini ushbu qutlugʻ sana bilan qutlab, yurt posbonlarining kelgusi faoliyatiga ulkan zafarlar tildi. Shuningdek, milliy armiyamiz saflarida oʻz oʻrniga ega boʻlgan mazkur harbiy qism harbiy xizmatchilari Mudofaa vazirligi miqyosida artilleriya mutaxassisligi boʻyicha turli taktik oʻquv mashgʻulotlarida, umumarmiya oʻyinlarida, qolaversa, xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etib, Oʻzbekiston bayrogʻi baland koʻtarilishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani eʼtirof etildi.

Sana munosabati bilan muayyan yutuqlarga erishgan va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda munosib hissa qoʻshgan bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovgʻalar topshirildi.

Bundan tashqari, namunali xizmat faoliyatini olib borgan harbiy xizmatchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Tantanali tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr jamoasi va viloyatning xushovoz sanʼatkorlari tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etilib haqiqiy bayramona kayfiyat ulashildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati