Harbiy texnikalarni yuklash va tushirish boʻyicha mashgʻulot oʻtkazildi

0
1145

Harbiy harakatlar chogʻida harbiy texnikalarni bir joydan boshqa joyga koʻchirishda temir yoʻllarning ahamiyati katta. Albatta, bunday vaziyatlarda tezkorlik va aniqlik talab etiladi. Ayni mana shu jihatlarni yanada mustahkamlash maqsadida Toshkent harbiy okrugi tomonidan Toshkent yuk bekatida temiryolda tashishni tashkillashtirishga bag‘ishlangan mashgʻuloti oʻtkazilmoqda.

Mashgʻulotlar avvalida harbiy xizmatchilarga amaliy mashgʻulot rahbarlari tomonidan nazariy bilimlar yana bir bor eslatib oʻtildi. Texnikalarni tashish jarayonida hujjatlarni toʻgʻri yurgizish, yuklash va mustahkamlash jarayonlarida kerak boʻladigan uskunalar hamda qorovul tarkibi oʻrin oladigan vagonning jihozlanishi, u yerdan oʻrin oladigan anjomlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Shundan soʻng, avtomashinalarni platformalarga yuklash boshlandi.

Mashgʻulot davomida avtomobillar platformalarga joylandi, zanjirlar bilan mustahkamlanib, niqoblash ishlari amalga oshirildi. Bir soʻz bilan aytganda, vagonlar belgilangan manzilga joʻnab ketishga tayyor holatga keldi.

Shu oʻrinda harbiy xizmatchilar belgilangan vazifani oʻz vaqtida toʻgʻri va aʼloga bajarganini eʼtirof etish joiz. Mashgʻulot davomida duch kelingan qiyinchiliklar harbiy xizmatchilarga kelgusida yanada tajribaliroq boʻlish uchun xizmat qilishi shubhasiz.