Sharqiy harbiy okrugda zamonaviy tog‘ tayyorgarligi o‘quv markazi foydalanishga topshirildi

0
2640

Qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, har qanday vaziyatlarda yuklatilgan vazifani tezkor va sifatli bajarish qobiliyatiga ega harbiy xizmatchilarni tayyorlash ishlariga bugun alohida e’tibor qaratilmoqda. Sharqiy harbiy okrug tog‘ tayyorgarligi o‘quv markazi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Zamon talablariga mos ko‘rinishda bunyod etilgan mazkur o‘quv markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, Qurolli Kuchlar faxriylari, ushbu o‘quv markazi tog‘ tayyorgarligi mutaxassislari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar markaz milliy armiyamizning professional mahorati oshishiga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur o‘quv markazi tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha ilk bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan barcha o‘quv nuqtalari zamon talablariga mos ravishda barpo etildi. Sodda qilib aytganda, o‘quv markazi tog‘ tayyorgarligi yo‘nalishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga kirishayotgan harbiy xizmatchilar uchun dastlabki bosqich vazifasini o‘taydi.

Bu yerda har bir tog‘ tayyorgarligi mutaxassisining individual va professional tayyorgarligini oshirish, mashqlarni real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etish imkoniyati mavjud. Marosim davomida ishtirokchilar uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Bunda yurt himoyachilari o‘quv joylarida turli murakkab mashqlarni bajarib, yuqori jangovar tayyorgarlik va mahoratga ega ekanliklarini namoyish etishdi.

Katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti