Markaziy harbiy klinik gospitalda Abdulla Oripov ijodiy kechasi oʻtkazildi

0
916

Shoir Abdulla Oripov satrlari va bastakor Mutal Burhonov kuy bastalagan madhiyamiz sadolari yangraganda barchamiz qalqib tik turamiz. Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot… Atoqli adib buyuk va muqaddas vatanimiz goʻzalligini, tarovatini, mehrini shu qadar haqqoniy tasvirlaganki, madhiyamiz sadolari yangraganda yoshu qari qaddimizni gʻoz tutgan holda gʻurur, iftixor bilan uni joʻr ovozda ijro etamiz. Vujudimizni oʻzgacha hislar chulgʻab oladi va hayajondan qalblarimiz junbushga keladi. Yuraklar hapriqadi, koʻzlar yoshlanadi…

Umrboqiy satrlar muallifi, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov siymosi, avlodlarga qoldirgan merosi asrlarga tatiydi. Davlatimiz madhiyasidan tashqari “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” deb nomlanuvchi sheʼri hamisha barcha avlod vakillari vatan haqidagi eng jozibali, eng qadrli va unutilmas asar boʻilib qolaveradi. U oʻzidan keyin yuzlab, minglab shogirdlar qoldirdi. Adib tomonidan adabiyotimizga qoldirilgan boy meros esa yillar davomida xalqimiz adabiy-maʼrifiy, maʼnaviy mayoq boʻlib porlab turaveradi. Kelajakda shoir haqida filmlar yaratiladi, asarlar yoziladi va bu jarayon rejissyor Muzaffarxon Erkinov ijodiy guruhi suratga olgan “Abdulla Oripov” filmi bilan boshlandi desak adashmaymiz.

Kuni kecha Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida ana shu film namoyishi hamda shoir xotirasiga bagʻishlangan oʻziga xos adabiy kecha boʻlib oʻtdi va tadbir davlatimiz madhiyasi bilan ochib berildi. Adabiy kechada Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Markaziy harbiy klinik gospital vakillari, shoir Shodmonqul Salom va adibning kenja qizi Ruxsora Oripova mehmon sifatida ishtirok etdi. Abdulla Oripovning yoshlik yillari rolida qoyilmaqom tarzda suratga tushgan taniqli shoir Shodmonqul Salom harbiy klinik gospital shifokorlari, shaxsiy tarkibi, kursantlar hamda muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan askarlarga Abdulla Oripov va oʻz qalamiga mansub sheʼrlardan oʻqib berdi.

Adliya polkovnigi Bahrom Jalolxoʻjayev, tibbiy xizmat polkovnigi Xudoyqul Rahimqulov hamda Ruxsora Oripova esa shoir haqidagi xotiralarini yigʻilganlar eʼtiboriga havola etishdi. Markaziy harbiy klinik gospitalining majlislar zali ekranida Abdulla Oripov filmi va “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼriga bagʻishlangan kompozitsiya namoyish qilindi. Tadbir yakunida mehmonlarga unutilmas adabiy kechani tashkillatirishdagi hamkorligi uchun minnatdorchilik yoriliqlari topshirildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti