Nukusda “Qoʻl jangi toʻsiqli yoʻlagi” barpo etildi

0
978

Harbiy xizmatchilarning jipsligini taʼminlash, jamoaviy uygʻunlikni yanada oshirish, kuch, chidamlilik hislatlarini yuksaltirish hamda qoʻl jangini armiyada keng ommalashtirish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan Nukus garnizonidagi harbiy shaharchada “Qoʻl jangi toʻsiqli yoʻlagi” barpo etildi.

Yangi jangovar tayyorgarlik obyektining ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Nukus harbiy prokuraturasi rahbariyati, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Uzunligi 250 metrdan iborat boʻlgan yoʻlakda 15 ta oshib oʻtish, chirmashib chiqish, sudralib yurish, qoʻl jangi usullarini bajarish maketlari hamda pichoq va muhandislik belkuraklarini uloqtirish nishonlari kabi toʻsiqlar oʻrin olgan. Toʻsiqli yoʻlak ikkiga ajralgan boʻlib, unda nafaqat mashq qilish, balki jamoalar oʻrtasida musobaqa va bellashuvlarni oʻtkazish imkoni ham mavjud.

Harbiy xizmatchilarning jismoniy sifatlarini oshirish, sovuq qurollar yordamida qoʻl jangi amallarini bajarishga oʻrgatish, oʻzini himoya qilish hamda oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish maqsadida yaratilgan ushbu toʻsiqlar yoʻlagi jangovar boʻlinmalar uchun haqiqiy sinov maydoniga aylanishi, shubhasiz. Tebranib turgan va turgʻun holatdagi toʻsiqlar mashq bajaruvchidan shiddat va jasoratli harakatlarni talab qilib, jamoaga yanada koʻproq qiyinchiliklarni yaratishi bu yoʻlakning betakrorligini taʼminlaydi.

Hozircha mazkur “Qoʻl jangi toʻsiqli yoʻlagi”ning analogi Qurolli Kuchlarda mavjud boʻlmagani uni ayni vaqtda yagona ekanligini tasniflaydi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati