Mudofaa ishlari boshqarmalarining yutuqlari va ilgʻor tajribalari o‘rganildi

0
1403

Joriy mavsumda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari saflarini har tomonlama yetuk muddatli harbiy xizmatchilar bilan butlash, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati uchun pul badallarini undirish hamda harbiy-akademik litseylarga oʻquvchilarni tayyorlash ishlarida respublika miqyosida yuqori natijalarni koʻrsatgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalarining xizmatlari Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan yuqori baholanib, ularning ilgʻor tajribalari namuna sifatida eʼtirof etilgandi.

Ushbu tajribalarni qolgan hududlarda ham ommalashtirish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalarini namuna sifatida eʼtirof etish hamda amaliy tajriba almashish maqsadida Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi negizida Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Tashkiliy-safarbarlik bosh boshqarmasi rahbarligida uch kunlik oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin rejasiga muvofiq, ishtirokchilar bilan viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Urganch shahar va Urganch tumani mudofaa ishlari boʻlimlari hamda boshqarma yigʻuv punktida umumiy faoliyat va yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, rahbariyat kengashi, hududiy, harbiy-tibbiy va butlash komissiyalarining ish-jarayoni koʻrgazmali tarzda namoyish etildi.

Shuningdek, yigʻin doirasida Urganch tumanidagi “Oq maktab” mahalla fuqarolar yigʻinida chaqiriluvchilarni mahallabay oʻrganish boʻyicha amaliy mashgʻulot tashkil etilib, ushbu tizim vositasida oʻrganish ishlarining afzalliklari tushuntirib oʻtildi.

Respublika umumtaʼlim maktablarining 11-sinf oʻgʻil bollari bilan bir kunlik dala mashgʻulotlarida tashkil etiladigan qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi hamda qurollardan amaliy oʻq otish mashgʻulotlarini, shuningdek, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini sifatli tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Tadbir davomida rahbariyat kengashi raislari va aʼzolari bilan 2024-yil uchun muddatli harbiy xizmatga saralash tadbirlarini sifatli tashkillashtirish, mudofaa ishlari boʻlim va boshqarmalari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berib oʻtildi. Qoʻlga kiritilgan natijalar va rejalashtirilgan tadbirlar hisoboti tinglanib, yigʻin boʻyicha qaror qabul qilindi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati