Samarqandda avtomodel sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi

0
1299

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan 8-9-sentabr kunlari Samarqand shahrida avtomodel sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqaning ochilish marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyati kengashi, Samarqand garnizonidagi harbiy xizmatchilar, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi hakamlari va faxriylar ishtirok etib, musobaqa qatnashchilariga omad va zafarlar tilashdi.

Tantanali marosimda harbiy orkestr jamoasining kuy-qoʻshiqlari tadbir mehmonlari va ishtirokchilarida ko‘tarinki kayfiyat bagʻishladi. Shuningdek, faxriy qorovul va qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar, harbiy qurol-aslaha va “Vatanparvar” tashkilotining sport seksiyalari koʻrgazmasi oʻquvchi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Avtomodel sport turi boʻyicha musobaqada respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 40 nafardan ortiq sportchi ikki kun davomida yil bo‘yi tayyorlagan modellari bilan ishtirok etdi.

Musobaqada sportchilar oʻrtasida E-1, E-2, E-3 va E-4 sinfidagi hamda 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida TEMP, AM-1, AM-2 va K-2 sinfidagi modellari sinovdan oʻtkazildi.

Murosasiz kechgan musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra:

  • 1-oʻrin Fargʻona viloyati;
  • 2-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi;
  • 3-oʻrin Surxondaryo viloyati jamoasiga nasib etdi.

Gʻolib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati