Andijonda quvnoqlar va zukkolar bellashdi

0
915

Andijon garnizonidagi harbiy qismda Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Andijon harbiy prokuraturasi hamda boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorligida yosh harbiy xizmatchi va xodimlar oʻrtasida “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovining Andijon viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

Mazkur koʻrik-talov yosh harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni ijtimoiy-maʼnaviy bilimlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, boʻlinmalar shaxsiy tarkibi oʻrtasida sogʻlom raqobat, tanlov ishtirokchilarning ijodiy iqtidorlarini namoyish etishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqada ishtirokchilar uchta shart boʻyicha bellashdi. “Tanishtiruv”, “Savol–javob” hamda “Musiqiy uyga vazifa” shartlarida ishtirokchilar oʻzlarining bilimlari, zukkolik va quvnoqliklarini namoyish qilishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi.

Yakuniy natijalarga koʻra, viloyatdagi kuch tuzilmalarining “Sarhad samolari” va “Yosh gvardiyachilar” jamoalari ikkinchi hamda uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Faxrli birinchi oʻrin esa Andijon garnizonidagi harbiy qismning “Mudofaa” jamoasiga nasib qildi.

Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoalar qimmatbaho sovgʻa, koʻchma kubok va diplom bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati