Xivada xalqaro etnosport festivali boshlandi

0
697

Mamlakatimizda ilk marotaba xalqaro etnosport festivaliga start berildi. Uch kun davom etadigan xalqaro sport anjumaniga Xorazm viloyatida katta tayyorgarlik koʻrildi. Festivalda YUNESKO, TURKSOY, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi vakillari, unga aʼzo davlatlarning hukumat vakillari, Islom hamkorlik tashkiloti hamda dunyoning 63 ta davlatidan jami 1 ming 900 nafar sportchilar ishtirok etadi.

“Ichan qalʼa” majmuasi hamda uning atrofidagi maydonlarda belbogʻli kurash boʻyicha xalqaro turnir, oʻzbek jang sanʼati, mass resling, bahodirlar oʻyini va tosh koʻtarish boʻyicha jahon chempionatlari, kamondan otish boʻyicha xalqaro ochiq turniri, milliy kurash, bel olish va uch kurash, Turon yakkakurashi, qushlar ovi va ot sporti turlari boʻyicha koʻrgazmalar, mohir oshpazlar ishtirokida osh chempionati, milliy ovqatlar va qovun sayli kabi tadbirlar oʻtkaziladi. Shuningdek, Festival doirasi Butunjahon etnosport konfederatsiyasining “Meros bilan bogʻlangan, etnosport bilan birlashgan” shiori ostida etnosport sammiti, Butunjahon etnosport konfederatsiyasining Ijroiya qoʻmitasi aʼzolarining uchrashuvi va Xalqaro etnosport festivali paradi ham tashkil etiladi.  

Ayni damda Xorazmga Turkiya, Mongoliya, Slovakiya, Rossiya Federatsiyasi, Avstraliya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Hindiston, Misr, Polsha, Qozogʻiston, Tojikiston, Serbiya, Bangladesh, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Malayziya, Singapur, Kipr, Ummon, Eron, Pokiston, Isroil, Fransiya, Gruziya, Zimbabve, Litva, Ruminiya, AQSH, Vengriya, Tunis, Italiya, Tayland, Armaniston, Iordaniya, Indoneziya, Afgʻoniston, Avstriya, Angliya, Argentina, Belorussiya, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirligi, Braziliya, Gretsiya, Jazoir kabi davlatlardan xorijiy delegatsiyalar aʼzolari va mehmonlar tashrif buyurishmoqda.  

O‘zA