Harbiy tibbiyot akademiyasida oʻquv jarayonlari boshlandi

0
967

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasida 5-9-sentabr kunlari garnizon harbiy gospitallaridagi taktik boʻlinma boshliqlari va katta yoʻriqchilari ishtirokida yigʻin boʻlib oʻtmoqda. Unda jang maydonida jarohat olgan harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar o‘tkazilyapti. Oldingi mashgʻulotlardan farqli oʻlaroq, bu galni oʻquvlar jahon standartlariga mos ravishda olib borilmoqda. Mashgʻulotning yangi uslubda olib borilayotganiga tibbiy xizmat podpolkovnigi Avaz Xolxoʻjayev shunday izoh berdi:

– Harbiy shifokorlarimiz bilan mashgʻulotlarni muntazam ravishda oʻtkazib kelishimizga asosiy sabab, ularning ish faoliyatini toʻgʻri tashkillashtirishdan iborat. Ishtirokchilar bu yerda oʻrgangan nazariy va amaliy koʻnikmalarini oʻzlarining faoliyat olib boradigan joylaridagi paramediklarga oʻrgatadi. 

Oʻtkazilgan mashgʻulotlar reallikka yaqin holatda olib borildi. Shaharda shartli dushman bilan boʻlib oʻtayotgan jangda yaralangan ikki harbiy xizmatchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgandan soʻng, ularni xavfsiz hududga talafotsiz yetkazish boʻyicha olingan topshiriq mashgʻulot ishtirokchilari tomonidan amalga oshirildi. Ularning harakatlari nazoratchilar tomonadan kuzatib borildi. Yakunga koʻra yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar ustida muhokamalar boʻlib oʻtdi.

Harbiy tibbiyot akademiyasining simulyatsiya oʻquv-trening markazida shu yil akademiyaning birinchi kursiga qabul qilingan kursantlar bilan ham amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilayotganiga guvoh boʻldik. U yerda yaratilgan sharoit va qulayliklar kursantlarning sohani mukammal oʻzlashtirishlari uchun ayni muddao. Kerakli jihozlar bilan taʼminlangan har bir amaliy oʻquv xonalarida malakali mutaxassislardan kerakli tajribalarni oʻzlashtirib kelishmoqda.

– Bu yerda yaratilgan sharoitlardan hayratim oshdi. Har bir oʻquv xonalarning texnik vositalari bilan toʻliq jihozlanganligi biz kabi boʻlgʻusi harbiy shifokorlar uchun sohani mukammal oʻrganishimizga sabab boʻladi, – deydi kursant Fozil Tojiboyev. – Qolaversa, kutubxona bazasida ham barcha kerakli adabiyotlar bilan toʻliq taʼminlangan. Bizga sohadan dars berayotgan ustozlarimiz ham juda katta tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar. Nazariy bilimlarni egallash bilan bir qatorda, amaliy koʻnikmalarni ham shakllantirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan. 

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti