Jizzaxda ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari bilan “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

0
410

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Bu safar Jizzax shahridagi 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchi yoshlari faxriylar hamrohligida harbiy qism mehmoni bo‘ldi.

Tashrif davomida yoshlar harbiy qismning oʻquv binolari, yotoqxona, oshxona va sport majmuasida boʻlib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qurol-aslahalar koʻrgazmasi hamda panoramali oʻq otish majmuasida tashkil etilgan mashgʻulotlar esa yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Harbiy qism boʻylab oʻtkazilgan maroqli sayohatdan soʻng, “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Oʻzaro suhbat va muloqotlarda faxriylar oʻz hayoti va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi, yoshlik davridagi erishgan yutuqlari haqida va mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib oʻtdi. Yoshlar bugungi globallashuv davrida internet tarmog‘idagi tarqalayotgan turli ma’lumotlar va yot g‘oyalar yo‘g‘rilgan kontentlarni kuzatishda ogoh bo‘lishga chaqirildi. 

Uchrashuv soʻnggida harbiy qism qoʻmondonligi va ixtisoslashtirilgan maktab oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarini samarali tashkil boʻyicha ikki tomanlama memorandum imzolandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati