“Kinokarvon” Nukus garnizoniga yetib bordi

0
707

Oʻzbekiston kinematografiya agentligi tashabbusi bilan kinoijodkorlar guruhidan iborat “Kinokarvon” aksiyasi ishtirokchilari respublikamizning eng olis hududlariga tashrif buyurib, madaniy tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlanib, “Yangi Oʻzbekistonda yangi kinolar” oyligi doirasida Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlib oʻtdi. Unda yurtimizning taniqli kinoijodkorlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Ijodiy muloqot hamisha qiziqarli va yoqimli taassurotlarga boy boʻladi. Navbatdagi uchrashuvda kino olamida yorqin obrazlarni yaratib, muhlislar mehrini qozongan bir qator artistlardan Anvar Azimov, Zuhriddin Rejametov, Fotima Rejametova, Shavkat Komilov, Mavjuda Murtazoyeva, Dilshodbek Kattabekov, Akbarali Mavlonov hamda qoraqalpogʻistonlik aktrisa Anjelika Yesimbetovaning ajoyib chiqishlari bilan barchaga qizgʻin kayfiyat ulashdi.

Kuni kecha Taxtakoʻpir tumani aholisi bilan uchrashib, dildan suhbat qurgan mehmonlar harbiylarga agentlik buyurtmasiga koʻra ishlab chiqarilgan filmlar, davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish etiladigan 30 dan ortiq badiiy, hujjatli va animatsion media mahsulotlari, bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek kinosi haqida eng soʻnggi yangiliklar bilan oʻrtoqlashdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar diqqatiga taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqov ssenariysi asosida suratga olingan “Suiqasd” oʻzbek filmi havola etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati