Harbiy tibbiyot akademiyasida xalqaro toifadagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

0
813

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida ta’lim jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik va innovatsion tibbiyot texnologiyalari, zamonaviy o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy metodlarni keng joriy etish, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish borasida keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, milliy va xorijiy yetakchi oliy, oliy harbiy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikda ta’lim jarayonini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazib kelmoqda.

Bugun, 6-sentabr kuni Harbiy tibbiyot akademiyasida AQSHning “Nasco Healthcare” — tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantiruvchi simulyatorlar va Rossiya Federatsiyasining “Развитие” — elektron anatomik atlas dasturini hamda “Pirogov” stolini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning yetakchi mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminar nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘lib, unda Harbiy tibbiyot akademiyasi rahbariyati, muassasa kursantlari va professor-o‘qituvchilari, Markaziy harbiy klinik gospitali harbiy shifokorlari, shuningdek, kuch tuzilmalar, respublikamizdagi tibbiyot oliygohlari va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Dastlab Harbiy tibbiyot akademiyasi rahbariyati va xorijdan kelgan mehmonlar o‘rtasida davra suhbati tashkil qilindi. Unda kun tartibi va seminarni o‘tkazish rejasi haqida so‘z borib, tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihlar muhokama qilindi. Shundan so‘ng ilmiy-amaliy seminarning asosiy qismi boshlandi.

Seminarning maqsadidan kelib chiqib, nazariy qismda sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining ko‘nikmalarini boyitishda stimulyatorlarni tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Nasco Healthcare” tashkiloti vakili Ed Perez tibbiyot xodimlarining malakasini mustahkamlashga samarali yordam beradigan loyihalar, yuqori texnologiyalar asosida yaratilgan simulyatorlar haqida chiqish qilgan bo‘lsa, “Развития” tashkiloti vakili Vadim Gvozdkov o‘zi bilan birga olib kelgan 3D anatomik interaktiv stoli — “Pirogov” va uning yangi dasturiy ta’minoti bilan seminar ishtirokchilarini yaqindan tanishtirdi.

Keyingi jarayonlar akademiyaning Tibbiy simulyatsiya o‘quv-trening markazida kechdi. O‘quv xonalarida odam anatomiyasini interaktiv usulda o‘qitish, to‘g‘ri tashxis qo‘yish, to‘g‘ri muolaja amaliyotini bajarish, favqulodda vaziyatlarda birinchi va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga ahamiyat berildi. Ayniqsa, xorij mutaxassislari tomonidan olib kelingan, eng oxirgi texnologiyalar bilan ta’minlangan muloqot qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan birinchi simulyator manikin – “Alex” bilan tanishuv va uning imkoniyatlarini o‘rganish barcha ishtirokchilar uchun birdek qiziq bo‘ldi. Bundan tashqari, tez tibbiy yordamga muhtoj, yong‘in yoki urush maydonlarida jabrlangan va yaralangan odamni imitatsiya qiluvchi robot-simulyator – “Randy” ustida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Harbiy tibbiyot akademiyasida o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv-amaliy seminar samarali yakunlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti