Jaloliddin izdoshlari muazzam maydonda tantanali vaʼda berishdi

0
1264

Bugun, 5-sentabr kuni Urganch shahrida kuni-kecha faoliyatini boshlagan Mudofaa vazirliga qarashli Jaloliddin Manguberdi harbiy-akademik litseyining ilk oʻquvchilari mamlakatimiz va millatimiz faxri, xalqimizning buyuk farzandi, mardlik va jasorat timsoli boʻlib, el-yurt istiqloli uchun kurashgan bobokalonimiz, ulugʻ sarkarda Jaloliddin Manguberdiga munosib izdosh, vatanparvar va jasur voris boʻlishga tantanali vaʼda berishdi.

Jasorat va mardlik timsoli boʻlmish Urganch shahrining markazida joylashgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasida oʻtgan tantanada Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, nuroniylar, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolari, harbiy xizmatchilar, oʻquvchilar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual salohiyati va jismoniy tayyorgarligini yanada rivojlantirish maqsadida Urganch shahrida zamonaviy loyiha asosida 300 oʻrinli harbiy-akademik litsey barpo etilib, joriy oʻquv mavsumida foydalanishga topshirilgan. Birinchi bosqichga qabul qilingan yoshlar tantanali vaʼda berish marosimida ishtirok etib, taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, davlatimiz qonunlariga itoat etishga, Jaloliddin Manguberdiga munosib izdosh boʻlishga vaʼda berishdi.

Tantanali marosimda nutq soʻzlagan general-mayor Farhodjon Shermatov dunyodagi eng ulkan qahramonlik – bu Vatan mustaqilligi va ozodligi yoʻlida koʻrsatilgan mardlik va jasorat ekanligi, bunday qahramonlik aslo unutilmasli hamda hamisha xalq qalbida yashashini eʼtirof etdi.

Tadbirda davomida Nukus garnizoni faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan jozibador saf elementlari hamda Urganch garnizonidagi harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻl jangi usullari bilan chiqishlari barchaning olqishiga sazovor boʻldi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda Xorazm viloyati xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar uzoq va yaqindan kelgan oʻquvchilarning yaqinlarini oʻyinga chorlab, ularga xush kayfiyat ulashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati