Chempion munosib kutib olindi

0
1006

Bugun, 5-sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida Gran-Pri turkumidagi musobaqalar chempioniga aylangan Ulug‘bek Rashitov tantanali kutib olindi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi Sport markazi vakillari, Oʻzbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari hamda harbiy orkestr jamoasi ishtirok etdi.

Bir necha kun oldin Fransiya poytaxti Parijda davom etayotgan Gran-Pri musobaqasining ikkinchi kungi bahslari yakunlangan edi. Quvonarlisi, ikkinchi kun doirasida bahslarga kirishgan -68 kg vazn toifasida terma jamoamiz a’zosi, Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Ulug‘bek Rashitov barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ulug‘bek murosasiz kechgan final jangida braziliyalik Edivak Pontes ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Parij Gran-Prisi oltin medali bilan birga aynan shu shaharda o‘tadigan 2024-yilgi Olimpiada uchun qimmatli 60 reyting ochkosiga ega chiqqan Ulug‘bek ketma-ket ikki bor Gran-Pri turkumidagi musobaqalar chempioniga aylangan ilk o‘zbek taekvondochisi hisoblanadi.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti