Urganchda Jaloliddin Manguberdi harbiy-akademik litsey tantanali tarzda ochildi

0
4555

Bugun, 4-sentabr kuni mustaqilligimizning 32 yillik bayramiga bagʻishlab, Xorazm viloyatining markazi boʻlmish Urganch shahrida el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga oʻz hayotini bagʻishlagan ajdodimiz nomini ulugʻlash, oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida yangidan bunyod etilgan Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik-litseyi tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.

Harbiylashtirilgan taʼlim muassasani tantanali ochilish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Raрimov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, davlat va jamoat tashkilotlari hamda kuch tuzilmalari vakillari, nuroniylar va Qurolli Kuchlar faxriylari, oʻquvchilar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Xorazm viloyati hokimi tantanali marosimdagi nutqida keyingi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, shu maqsadda joriy yilning 12-iyun sanasida Prezidentimizning “Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganini taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqan mudofaa vazirining oʻrinbosari yurtimizda buyuk sarkarda bobomiz Jaloliddin Manguberdining xotirasini abadiylashtirish va ulugʻlash, uning vatanparvarligi, jasorati va matonatini yosh avlod ongiga chuqur singdirish ishlari faxr-iftixor bilan davom ettirilayotganini adohida eʼtirof oʻtdi. 

Ta’kidlash lozimki, ushbu taʼlim maskaniga Urganch davlat universiteti hamda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti biriktirilgan boʻlib, ular bilan taʼlim va tarbiya jarayonlarida malaka va fikr almashish, amaliy yordam koʻrsatish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

Jaloliddin Manguberdi harbiy-akademik litseyda 12 mingdan ziyod elektron va 4 mingga yaqin badiiy adabiyotlar fondiga ega boʻlgan shinam kutubxona, Jaloliddin Manguberdi muzeyi, yopiq turdagi sport zali hamda ochiq maydondagi sport shaharchasi, saf maydoni, oshxona, 4 qavatli yotoqxona, internet global tarmogʻi, Urganch davlat universiteti hamda kitob.uz internet saytiga ulangan zamonaviy kompyuter xonalari, kir yuvish va isitish majmualari-yu texnikalarni saqlash joylaridan iborat. Oʻquvchilar bu dargohda yashashi, taʼlim va tarbiya olishi, sport bilan mashgʻul boʻlishi shu bilan birga oʻzlari yoqtirgan sohaning sir-asrorlarini oʻrganishi uchun barcha qulayliklar mavjud.

Harbiy-akademik litseyida faoliyat yuritish istagini bildirgan koʻplab malakali oʻqituvchilar mutaxassisliklar boʻyicha sinovlardan oʻtib, eng yuqori natijalarni koʻrsatgan ustoz-murabbiylar ushbu dargohda oʻquvchilarga taʼlim berish uchun ishga qabul qilindi.

Tantanli tadbirdan soʻng mehmonlar taʼlim maskanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ochilish marosimi munosabati bilan oʻquvchilar va ularning yakinlari uchun bayramona tushlik dasturxoni tashkil etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati