Maktablarda “Mustaqillik darslari” bilan o‘quv yili boshlandi

0
1177

Yoz boʻyi maroqli hordiq chiqargan bolajonlar uchun yana hayajonli, quvonchli va masʼuliyatli damlar boshlandi. “Birinchi qoʻngʻiroq” sadolari jaranglab, umumtaʼlim maktablari yigit-qizlarni yana oʻz bagʻriga chorladi…

Zangiota tumanidagi 38-umumtaʼlim maktabida ham “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbiri ana shunday koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Bayramona bezatilgan taʼlim dargohi oʻquvchilarga yana oʻz eshiklarini ochdi.

“Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlarida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti harbiy xizmatchilari, mahalliy hokimliklar hamda keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari hamda oʻquvchilarning ota-onalari qatnashdi.

Bu damlar, ayniqsa, maktab atalmish muqaddas dargohga ilk bor qadam qoʻygan kichkintoylar uchun yanada hayajonli, orziqib kutilgan va unutilmasdir. Ilk qoʻngʻiroq sadosi koʻzlari charaqlab turgan birinchi sinf oʻquvchilari qalbida bong uradi. Endi ular aka-opalariga oʻxshashga, ulardek “aʼlo” oʻqishga intiladi…

Bolajonlar 12 turdagi oʻquv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovgʻalarini qabul qilib olarkan, dillarida cheksiz quvonch, ertangi kunga yorugʻ umid va ishonch barq uradi.

Aloqa harbiy institut harbiy xizmatchilari “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlaridan soʻng oʻquvchilar bilan “Mustaqillik darslari”ni oʻtkazdi. Ushbu darslarda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, yoshlarimiz tomonidan qoʻlga kiritilgan katta gʻalabalar hamda milliy tariximizning yorqin lavhalari haqida oʻquvchilarga soʻzlab berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti