Nukusda jangovar tayyorgarlik obyekti foydalanishga topshirildi

0
906

Soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilgan islohotlar koʻp yillardan beri ogʻriqli boʻlib kelgan muammolarni hal etishga, harbiy xizmatchilarning xavfsiz xizmat sharoitlarini yaratishga, armiyaning jangovar qudrati va salohiyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda. Ana shunday oʻzgarishlar sabab, bugun Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida mavjud boʻlgan harbiy obyektlar infratuzilmasi takomillashtirilib, zamon talabiga mos boʻlgan yangi ijtimoiy va jangovar tayyorgarli obyektlari bunyod etilmoqda. Buning natijasida armiyaning qudrati ortib, soʻnggi bir necha yilda jangovar tayyorgarligi sezilarli darajada yuksaldi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, jang olib borishning yangicha usul va uslublarini tadqiq etish, turli hududlarda qurol va harbiy texnikalardan oqilona foydalanishni oʻrgatish maqsadida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari yildan-yilga takomillashtirilib, zamon bilan hamnafas olib borilmoqda. Harbiy xizmatchilarning individual tayyorgarligini oshirish va boʻlinma tarkibida jipsligini taʼminlash maqsadida yangicha murakkab mashqlardan iborat meʼyorlar samarali joriy etilib, amaliy koʻnikmalarning yuksalishiga erishilmoqda. Bunga mavjud zamonaviy umumqoʻshin poligonlari, harbiy qismlar hududidagi kichik dala oʻquv maydonlari va jangovar tayyorgarlik shaharchalari katta hissa qoʻshmoqda.

Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida ilgari tashlandiq boʻlib turgan qariyb 1,5 gektardan ortiq hududda kichik dala oʻquv maydoni barpo etilib, unda 10 ta shaharchadan iborat 50 ga yaqin oʻquv joylari yaratildi.

Obyektni foydalanishga topshirish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Ulugʻbek Abdurahimov, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Taʼkidlanganidek, ushbu kichik dala oʻquv maydoni bir vaqtning oʻzida 600 nafar harbiy xizmatchining jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan kunduzi va tunda shugʻullanish uchun imkoniyat yaratilgani, endilikda oʻnlab kilometr olisdagi “Nukus” umumqoʻshin poligoniga borish uchun sarflanadigan vaqtdan unumli foydalanib, mashgʻulotlarni harbiy qism hududining oʻzida tashkil etish mumkinligi katta ahamiyatga ega boʻladi.

Jangovar tayyorgarlik shaharchalarida amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishdan oldin nazariy bilimlarni boyitish, texnika xavfsizligi talablari bilan tanishish uchun ochiq turdagi sinfxonalar mavjud. Oʻqotar qurollar hamda jangovar va harbiy texnikalar yordamida mashgʻulotlarni oʻtkazish, jangovar boʻlinma tarkibida jang olib borish sirlarini mukammal oʻzlashtirish uchun bunyod etilgan ushbu obyekt endilikda harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligini yanada yuksalishiga hamda amaliy koʻnikmalarini mustahkamlashiga xizmat qiladi.

Tantanali tadbir davomida ushbu kichik dala oʻquv maydoninig barpo etilishida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga minnatdorchiliklar bildirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati