Mustaqillik shodiyonalari munosib nishonlandi

0
1659

Mustaqilligimizning 32 yillik shodiyonasi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatida ham “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun” shiori ostida koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi.

Soʻz olganlar yigʻilganlarni hurlik ayyomi bilan qutlab, tinch va farovon kunlarni qadrlash lozimligini alohida taʼkidlashdi. Xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari okrug qoʻshinlari qoʻmondoni tomonidan navbatdagi harbiy unvonlar, faxriy yorliq, esdalik nishonlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan tantanali taqdirlandi.

Shuningdek, farzandlari tavsiyanoma orqali yuqori koʻrsatkich bilan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan harbiy oilalar ham ragʻbatlantirildi.

Viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan namoyish etilgan sahna koʻrinishi bugungi dorilomon kunlarni qadrlash lozimligini yana bir bor yodga soldi. Qarshi garnizoni hamda Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti harbiy orkestr jamoalari, viloyatning taniqli sanʼatkorlari, “Gʻuncha” bolalar ansambli ijrosidagi kuy-qoʻshiq va raqslar barchada haqiqiy bayram kayfiyatini uygʻotgani shubhasiz.

Shuningdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida ham bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Ushbu bayram shodiyonasida polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev ishtirok etib, bir guruh harbiy xizmatchilargan navbatdagi harbiy unvonlar va faxriy yorliqlarni topshirdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati