Beruniydagi olis ovulda vatanparvarlik festivali oʻtkazildi

0
772

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanidagi “Biy-bozor” ovul fuqarolar yigʻinida joylashgan 26-sonli maktabda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayramiga bagʻishlab vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida boʻlib oʻtgan festivalda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi polkovnik Ixtiyor Rahimov, Beruniy tumani hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari hamda ovul ahli ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar bebaho neʼmatimiz – mustaqilligimiz bizga ochib bergan ulkan imkoniyatlar, bizga tariximiz, eʼtiqodimiz, urf-odat va anʼanalarimizni qaytarishga imkon bergani bilan ahamiyatli ekanini taʼkidlab oʻtishdi. Mana shunday tinch va osuda kunlarda, mamlakatimizning eng katta bayramini nishonlash shu yurtning har bir fuqarosi uchun katta baxt ekanini eʼtirof etishdi.

Ovulning yoshu qarisini birlashtirgan festivalda Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar, diltortar navolar yangrab, barchaga xushnudlik bagʻishlagan boʻlsa, maktab oʻquvchilari va maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali chiqishlar olqishlarga sazovor boʻldi.

Festival doirasida davlat va jamoat ishlarida faollik koʻrsatib, aholiga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh fidoyilar munosib ragʻbatlantirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati