Xorazmda Vatan himoyachilariga yangi xizmat uyi topshirildi

0
1089

Eng ulugʻ va eng aziz ayyom — mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida Xorazm viloyatining Urganch shahrida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga 5 qavatli xizmat turar-joy binosi foydalanishga topshirildi.

Urganch shahridagi harbiy qismning ilgari boʻsh turgan hududida endilikda 40 ta xizmat-lavozim xonadonlaridan iborat boʻlgan koʻp qavatli shinam turar-joy binosi qadr rostlab, yopiq harbiy shaharchaga aylantirildi.

Barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi xizmat xonadonlari xalqimiz va yurtimiz tinchligini sadoqat bilan himoya qilib kelayotgan yurt himoyachilariga bayram arafasida oʻzgacha tuhfa boʻldi.

Yangi uylarning kalitini egalariga topshirish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda oʻz hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulugʻ va oliyjanob ishga bagʻishlagan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanganini taʼkidlab, oxirgi yillarda harbiy sohaga boʻlayotgan eʼtibor tufayli harbiy qism va muassasalar, dala-oʻquv maydonlari infratuzilmasini takomillashtirish, yurt himoyasidek masʼuliyatli kasb egalari va ularning oila aʼzolariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, harbiy pensionerlarning ijtimoiy muhofazasi kabi masalalar dolzarb boʻlib kelayotganini eʼtirof etishdi.

Xonadonlar barcha qulayliklarga ega boʻlib, harbiy qism oldida boʻlgani uchun jangovar shaylikni yuqori darajada ushlab turishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning zarur hollarda oila aʼzolaridan xabar olishi, xizmatdan boʻsh vaqtlarida harbiy shaharcha oldidagi istirohat bogʻida sayr qilish imkoni mavjud boʻlgani esa yanada quvonarli.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati