Buxoroda harbiy xizmatchilarga yangi uylar topshirildi

0
1135

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Buxoro garnizonidagi kuch tuzilmalarda xizmat qilayotgan 70 nafar harbiy xizmatchiga yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Xizmat uylarini egalariga tantanali topshirish marosimida Buxoro garnizoni harbiy qism komandiri, viloyat hokimligi, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar barchani bayram bilan tabriklab, yangi uy sohiblari farovon hayot tiladi. Tantanali marosimda 28 nafar harbiy xizmatchiga uch xonali, 42 nafar harbiy xizmatchiga esa ikki xonali xonadonlar kalitlari topshirildi. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilib, ayni damda rezervda boʻlgan sakkiz nafar harbiy xizmatchi ham xonadonlar bilan taʼminlandi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari davlat rahbari tomonidan harbiylarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼzozdan juda minnatdor ekanliklarini taʼkidlab oʻtdilar.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati