Mustaqillik bayrami Nukus garnizonida xalq sayliga aylandi

0
896

Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 32 yillik shodiyonasi munosabati bilan Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharcha hududida harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari uchun “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida xalq sayli tashkil etildi.

Bayrami saylini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ochib berdi hamda ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan eng ulugʻ va eng aziz ayyomimiz — mustaqillik bayrami munosabati bilan chin qalbdan muborakbod etdi.

Qurolli Kuchlar faxriylari, Nukus harbiy prokuraturasi va harbiy sudi xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu tamoyil asosida Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish, davlatimizning mudofaa salohiyatini yuksaltirish boʻyicha muhim islohotlar amalga oshirilib kelinayotgani, zamonaviy kadrlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlash, ularning oila aʼzolarini, harbiy pensionerlarni qoʻllab-quvvatlashga juda katta eʼtibor qaratilib, bir qator sharoit va imtiyozlar yaratilgani eʼtirof etildi.

Nukus garnizoni faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan qurol bilan saf elementlari, Milliy gvardiya maxsus boʻlinmalari hamda garnizon muddatli harbiy xizmatchilari tomonidan koʻrsatilgan qoʻl jangi chiqishlari, ayniqsa bolajonlar qalbida chuqur taassurotlar qoldirib, ularni mana shunday mard va jasur akalari singari kamol topishga undadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning mutaxassis kinologlari tomonidan xizmat itlari bilan shartli jinoyatchini ushlash hamda noqonuniy moddalarni aniqlash kabi koʻrgazmali chiqishlari barchani hayratda qoldirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi tomonidan oʻquv-sport texnika klublarida qoʻllaniladigan transport vositalari, modellashtirish toʻgaraklarida yasalgan maketlar hamda oʻq otish sportida mavjud boʻlgan pnevmatik miltiqlar koʻrgazmasi bolajonlarning kelgusida qaysi sport turini tanlashga koʻmak berdi.

Harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilgan osh pishirish musobaqasi haqiqiy oshpazlar bahsiga aylandi. Milliy taomimizni pishirishning turli viloyatlarga xos uslublarini namoyon eta olgan harbiy xizmatchilar, nafaqat xizmatda, balki osh pishirishda ham kuchli raqobat koʻrsata olishlarini isbotladi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshidagi badiiy gimnastika va karate toʻgaraklarining jajji aʼzolari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar olqishlarga sazovor boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati