Olis hududlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etilmoqda

0
755

Toshkent, Andijon, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining olis hududlarida joylashgan harbiy qismlarda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat va oʻquv qurollari yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Hududlardagi hokimiyat hamda tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasida harbiy xizmatchilarning bayram dasturxoni uchun goʻsht mahsulotlari, hoʻl mevalar, poliz ekinlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa bir nechta mahsulotlar savdo rastalaridan joy oldi. Harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari yangi oʻquv yilida foydalanishi uchun oʻquv qurollari va turli xil kitoblar savdosi ham yo‘lga qo‘yildi.

Respublikamizning olis hududlaridagi harbiy qismlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar oʻtkazilayotgani yurtimizda inson qadrining nechogʻlik ulugʻigidan dalolat beradi.

Shuningdek, Nukus garnizonida bayram arafasida oziq-ovqat maxsulotlari va maktab yarmarkalari oʻtkazildi.

Yarmarkada mahalliy fermer, dehqon va tadbirkorlar hamda harbiy qismlarning yordamchi hoʻjaligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bozor narxidan arzonroq narxda yetkazilib, harbiy shaharcha turgʻunlariga qoʻshimcha qulayliklar yaratildi. Oziq-ovqat maxsulotlari rastalarida mol, qoʻy hamda parranda goʻshti bilan birga tirik baliq mahsulotlari ham oʻrin oldi.

Kitobsevarlar uchun tashkil etilgan badiiy kitoblar savdosi, bolajonlar uchun maktab formasi va oʻquv qurollaridan iborat maktab yarmarkasi koʻpchilik uchun manzur boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti