Nukusdagi harbiy shaharchada qo‘shaloq bayram

0
1494

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami 23 nafar nukuslik vatandoshlarimiz uchun qoʻshaloq bayramga aylandi. Zero, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy xizmatchi va Qurolli Kuchlar xizmatchisi, yaʼni fuqarolik lavozimlarida mudom xizmat qilgan va ishlagan hamda vazirlik balansidagi turar-joy binolarida 15 yildan koʻp vaqt mobaynida yashab kelgan yurtdoshlarimiz bayram arafasida ushbu xonadonlarning huquqiy egasi boʻlish baxtiga erishdi.

Taʼkidlash kerakki, Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchada koʻp yillar davomida istiqomat qilib kelayotgan aholini qiynab kelayotgan birdan-bir muammo – bu yashab turgan xonadonlarni shaxsiy mulk sifatida xususiylashtirish edi. 

Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan ushbu masalalar chuqur oʻrganilib, fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab, Nukus harbiy sudiga maʼmuriy tartibda arizalar kiritildi va harbiy sud tomonidan mazkur arizalar qonun doirasida koʻrib chiqilib, vatandoshlarimizni qiynab kelgan masalaga nihoyat yechim topildi.

Yurtdoshlarimiz quvonchli kunlarida ularga bayramga tuhfa sifatida Nukus garnizonida mol-mulk huquqini fuqarolarga beradigan sertifikatlarni topshirish tadbiri oʻtkazildi. Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Ulugʻbek Abduraximov, Nukus harbiy sudi xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, Nukus shahar hokimligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar ohirgi yillarda harbiy xizmat nufuzini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz harbiy xizmatchilari va ishchi-xizmatchilar uchun xavfsiz va qulay xizmat shart-sharoitlarini yaratish, ijtimoiy himoyasi hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash maqsadida sohada keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etishdi. 

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati