“Ko‘pkurash” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi

0
1039

Yoshlarni yurtga sadoqat, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom, barkamol avlod sifatida voyaga yetkazish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida keng koʻlamli saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Ayni maqsadda mamlakatimizda “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun!” shiori ostida professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida  3 bosqichli “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqa O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat vazirliklari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Uch bosqichli musobaqaning dastlabki — shahar bosqichlarida 1566 ta jamoada 48 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Ikkinchi hududiy bosqichda bo‘lsa, 166 ta jamoalar ishtirok etib, 26 mingdan ortiq yoshlar musobaqa jarayonlariga qamrab olindi.

Joriy yil 24-26-avgust kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida “Ko‘pkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Respublika bosqichida har bir hududdan bittadan, jami 14 ta jamoa ishtirok etadi.

Respublika bosqichi ishtirokchilari tezkor savol-javob, “AKM” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, kamondan o‘q otish, arqon tortish, harbiy biatlon shartlari bo‘yicha bellashadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagicha tasqimlandi:

  • 1-o‘rin — Qashqadaryo viloyatining “Qalqon” jamoasi;
  • 2-o‘rin — Toshkent viloyatining “Energetik” jamoasi;
  • 3-o‘rin — Namangan viloyatining “Po‘lat qalqon” jamoasi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti