Nukus garnizonida “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi taqdimoti oʻtkazildi

0
684

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi taqdimoti boʻlib oʻtdi. “Yangi hayot, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida “Maʼnaviyat festivali” doirasida oʻtkazilgan tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Kibot taqdimoti davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi besh yil ichida Moʻynoq tumanida amalga oshirilgan tarixiy oʻzgarishlar va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari tilga olindi. “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi tumandagi oʻzgarishlarni maʼlumot va suratlar orqali bayon etib, oʻquvchiga bu hudud boshidan oʻtkazgan musibatlarni koʻrsatib berdi.

Tadbirda shoir va yozuvchilar tomonidan istiqlol madhi tarannum etilgan ijod namunalari oʻqib eshittirildi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining taniqli ijodkorlari bayramona kuy va qoʻshiqlari bilan davraga hushkayfiyat ulashdi.

Kitob taqdimoti Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami arafasida oʻtkazilayotgani ham bejiz boʻlmay, shu orqali Yangi Oʻzbekistonning yangilanib borayotgan nafasini his etmoqlikka chorlaydi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati