Harbiy prokuratura va kuch tuzilmalari sayyor qabul oʻtkazdi

0
1343

Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Mudofaa hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari, Milliy gvardiya mansabdor shaxslari Toshkent shahri Yashnobod tumanida sayyor qabul oʻtkazdi. Band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi monomarkazda oʻtgan qabulda harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, harbiy pensionerlar va boshqa yuzdan ortiq fuqarolarning murojaatlari tinglandi.

Fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtash, ish bilan taʼminlash, uy-joy, ijtimoiy himoya va boshqa masalalarga doir muammolarining aksariyati oʻz joyida hal etildi. Xususan, mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev qabul qilgan murojaatlarning 20 tasi ijobiy yechim topdi, 10 tasiga huquqiy maslahatlar berilib, mutasaddilar tomonidan nazoratga olinishi tayinlandi.

— Oʻgʻlim harbiy xizmatni Jizzaxda oʻtardi. Yaqinda uning xizmati Chirchiqqa koʻchirildi. Kelinim Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi. Endi u ham oʻgʻlimning yonida Chirchiqdagi oliy taʼlim muassasasida oʻqishini davom ettiradigan boʻldi. Bu masalani hal qilib bergan mutasaddilardan minnatdorman, — deydi samarqandlik Sharbat opa Shodmonova.

Ommaviy qabulda masʼullar murojaatchilarning savollariga javob qaytarishar ekan, qonunchiliklagi harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq oʻzgarishlar, imtiyozlar va ularning haq-huquqlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib, Vatan himoyasida turgan oʻgʻlonlar va ularning oila aʼzolari muammolari hamisha qonuniy yechim topishini, Vatan xizmatiga intilayotgan yigitlarning harakatlari qoʻllab-quvvatlanishini bildirdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti