Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

0
872

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar va Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limlari bilan hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil qilindi.

Unda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, O‘zbekiston Qahramonlari, senatorlar, davlat mustaqilligiga katta hissa qo‘shgan davlat arboblari, olimlar, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida “Vatanga qasamyod” haykali poyiga tantanali ravishda gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng muzey faollar zalida avlodlar uchrashuvi boshlandi.

Tadbirni mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev ochib berdi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi faxriylari ham so‘zga chiqib, o‘z faoliyatlari davomida orttirilgan hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda, yosh harbiy xizmatchilarga o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berib o‘tdi. Uchrashuv savol-javob tarzida davom etib, yosh harbiylar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

Shu bilan birga faol faxriylar va bir guruh yoshlar tadbir tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Ochiq davra suhbatidan so‘ng tadbir ishtirokchilari va mehmonlarning Qurolli Kuchlar davlat muzeyi bo‘ylab ekskursiyasi tashkil etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti