Наrbiу muomala madaniyati – qudrаtli jangchi mаjburiуаti!

0
2370

Xabaringiz bor, Qurolli Kuchlarimiz harbiy xizmatchilari o‘rtasida milliy muomala madaniyatini yuqori pog‘onaga ko‘tarish, sohada harbiy atamalardan to‘liq va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish boʻyicha qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Aksariyat mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari imijining tarkibiy qismlari sifatida harbiy xizmatchining tashqi ko‘rinishi, uning jangovar ruhi va shijoati, yuksak vatanparvarligi va sadoqati kabi shaxsiy sifatlar belgilangan. Ushbu xususiyatlarning namoyon bo‘lishida, albatta, barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning jamiyatda o‘zini tutishi, o‘zaro muomala madaniyati alohida ahamiyatga ega. Umuman, insonning fikrlash darajasiga ta’sir ko‘rsatishi nuqtayi nazaridan aytish mumkinki, muomala madaniyatiga rioya etish harbiy xizmatchilarning kundalik kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.

Shu bois ham, bugungi kunda vazirlik tizimida harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, komandirlarning (boshliqlarning) bo‘ysunuvchilariga, bo‘ysunuvchilarning o‘z komandiriga (boshlig‘iga) murojaat etish, salomlashish tartibi eksperiment tariqasida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Murojaat qilish tartibi bo‘yicha taklif etilayotgan loyihada eski mustabid tuzumidan bizga “meros” bo‘lib kelayotgan, milliy o‘zligimiz va boy tariximizga xos bo‘lmagan “O‘rtoq” va “Товарищ” atamalari o‘rniga “Mening” atamasini joriy etilishi, o‘zaro murojaatlarda “Mening safdoshim”, “Askar”, “Qo‘mondonim” va “Komandirim” kabi iboralardan foydalanish taklif etilmoqda. Bu oʻz navbatida harbiy xizmatchilarda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksak kamol topishiga, ularning ongida egalik, komandir va bo‘ysunuvchilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bir-biriga yaqinlik, o‘z komandiri va boshlig‘iga mustahkam ishonch hissiyotlarining kuchayishiga, harbiy jamoalarda barqaror ma’naviy-axloqiy muhitni yuzaga kelishiga xizmat qiladi.

“Tоварищ” so‘zining etimologiyasiga nazar tashlasak, bu atamaning o‘zagi tovar – mol-mulk bo‘lib (“товарищ” – “товар+еш”, ya’ni tovar-mol vositasida birga ish qiladigan sherik, o‘rtoq), bu termin o‘zbek tilida o‘rtoq, oshna, jo‘ra, og‘ayni, sherik kabi ma’nolarga ham ega.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da o‘rtoq so‘ziga yoshi teng yoki yaqin bo‘lib, o‘zaro yaxshi aloqada bo‘lgan tengdoshlar sifatida ta’rif beriladi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘rtoq so‘zining lug‘aviy ko‘lamdorligi harbiy xizmatchilar, boshliq va bo‘ysunuvchilar o‘rtasidagi muloqotlarda o‘z ma’nosini to‘la oqlay olamayotgani ayon bo‘ladi.

Mazkur atamalarning joriy etilishi orqali harbiy xizmatchilar, shaxsiy tarkib ongida “Meniki” degan tuyg‘uni (mening komandirim, mening safdoshim va h.k.) shakllanishi, eng asosiysi, inson qadri va unga bo‘lgan e’tiborning ortishiga erishiladi.

Bir qator rivojlangan mamlakatlar armiyalarini qiyosiy o‘rganish natijalari ham harbiycha murojaat shakllarida turli ijobiy islohotlar olib borilayotgani, harbiy xizmatchilarning o‘zaro ahilligini oshirish, ularning ongida o‘zaro do‘stlik rishtalarini kuchayishiga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.

Muxtasar aytganda, Qurolli Kuchlarimiz tizimida milliy madaniyatimiz va tariximizning qadimiy an’analaridan oqilona foydalana olsak, har jabhada tilimizning boy imkoniyatlarini namoyon etsak, eng muhimi, bu borada jamoatchilik fikrini shakllantira olsak, bu, shubhasiz, o‘zligimiz tomonga dadil odimlarimiz bo‘ladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting