Harbiy xizmatchilar iste’dodli yoshlarning ijodiy ko‘rgazmasida ishtirok etdi

0
739

Respublikamiz bo‘ylab “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan keng qamrovli tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Jumladan, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan harbiy qism va muassasalarda taniqli olimlar, yozuvchilar, ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblarini jalb etgan holda ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, uch avlod uchrashuvlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar tashkil qilinmoqda.

Bugun, 24-avgust kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida “Ranglar jilosida – ona diyor” rasmlar tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi Akmal Nuriddinov tashabbusi bilan askarlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtiroki ta’minlandi. Ko‘rgazma davomida ijodkor yoshlar va sohaga qiziqishi baland bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro muloqotlar tashkil qilinib, tasviriy san’at borasida fikr almashildi.

Darhaqiqat, ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlarda asosan yurtimizning betakror tabiati, xushmanzara joylari va samimiy ruhdagi qahramonlari aks etgan. Ijodiy ishlarning har birida iqtidorli yoshlarimizning dunyoqarashi, tuyg‘ulari va hissiyoti yaqqol ko‘rinib turadi. Ayniqsa, 14-15 yoshdagi yigit-qizlarimiz chizgan suratlarda yashiringan haqiqatlar kishini o‘yga solib qo‘yadi.

Mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan tanlovda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, tasviriy san’at yo‘nalishida ijod qilayotgan mo‘yqalam sohib va sohibalari ishtirok etdi. G‘olib va sovrindorlar ko‘rgazma davomida tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Ikuo Xirayama nomidagi Xalqaro madaniyat karvon saroyiga uyushtirilgan sayohat, ijodkor yoshlar bilan samimiy suhbat va ko‘rgazmadagi asarlar muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning tasviriy san’at yo‘nalishlariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirgan bo‘lsa ajabmas.

Ko‘rgazma joriy yilning 3-sentabr kuniga qadar davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti