Qoraqalpogʻistonlik yoshlar “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasida bellashdi

0
717

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Yoshlar siyosati va sport, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Madaniyat va turizm hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi hamda Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining qoʻshma qaroriga muvofiq, “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun!” shiori ostida yoshlar oʻrtasida “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqalari tashkil etilayotgani faol yoshlarni ragʻbatlantirishning muhim omiliga aylandi.

Yoshlarning yozgi taʼtil davrida boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni harbiy-vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash hamda maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom, barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida professional taʼlim muassasalari oʻquvchi-yoshlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi yoshlar uchun haqiqiy sinov maydoniga aylandi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida oʻtkazilgan va 17 ta jamoadan iborat boʻlgan bellashuvda yoshlar tezkor-savol javob bahsi, avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, kamondan oʻq otish, harbiy biatlon va arqon tortishda bellashdi.

Murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalari boʻyicha Chimboy tumani kasb-hunar maktabining “Qalqon” faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Taxiatosh tumanidagi kasb-hunar maktabining “Qalqon” jamoasi 2-pogʻonani zabt etdi. Shohsupaning yuqori pogʻonasidan Nukus Veterinariya tibbiyot texnikumining “Yosh kinologlar” jamoasi joy oldi hamda finalda Qoraqalpogʻiston Respublikasi shaʼnini himoya qilishdek masʼuliyatli vazifani qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati