Zamonaviy harbiy nizolarda harbiy san’atning oʻrni muhokama qilindi

0
990

Bugun, 24-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutida “Zamonaviy harbiy nizolarda harbiy san’atning nazariyasi va amaliyotini rivojlanishi” mavzusida respublika harbiy-ilmiy konferensiya tashkil etildi.

Unda Mudofaa vazirligi markaziy apparati, harbiy okruglar qo‘shinlari va oliy harbiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarining ekspertlari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarning vakillari oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Asosiy maqsad zamonaviy harbiy nizolarda harbiy san’at nazariyasi va amaliyoti rivojlanishiga ta’sir etayotgan omillarni tahlil qilish, qurolli kuchlarni qo‘llash bo‘yicha yangicha yondashuvlar, jang va operatsiyalarni rejalashtirish va amalga oshirish, qurolli kuchlar va qo‘shin turlarini jangovar harakatlardagi o‘rni va roli, shuningdek, Qurolli Kuchlarni isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutining oliy harbiy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlari bilan harbiy ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan iborat bo‘ldi.

Ma’ruzachilar tomonidan zamonaviy harbiy nizolar gibrid xarakterga ega bo‘lib borayotgani, ularda nafaqat harbiy kuch va vositalar, davlatlarning qurolli kuchlari, balki boshqa subyektlar, masalan, ommaviy axborot vositalari, xalqaro va nodavlat tashkilotlar, xususiy harbiy kompaniyalar faol ishtirok etayotgani, bu omil ham harbiy san’at rivojiga ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Harbiy-ilmiy konferensiyada muhokama qilingan dolzarb masalalar yuzasidan ishtirokchi mutaxassislar va ekspertlar tomonidan oʻzaro fikr-mulohazalar almashildi.

Konferensiya yakunida faol ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi hamda Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti rahbariyati tomonidan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti