Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi

0
2062

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi boshligʻi polkovnik Bobur Shayakubov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrifning birinchi kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakat Quruqlikdagi qoʻshinlar harbiy akademiyasida boʻlib, mazkur oliy harbiy taʼlim muassasasining taʼlim jarayonlari, kadrlarni tayyorlash dasturi mazmuni hamda taʼlim muassasasining oʻquv-moddiy bazasi va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan soʻng ikki mamlakat oliy harbiy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan muloqot davomida Oʻzbekiston—Koreya harbiy bilim yurtlari oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.

Shuningdek, tomonlar oʻrtasida professor-oʻqituvchi kadrlarning malakasini oshirish, yuqori malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash va harbiy sanʼatning dolzarb muammolari boʻyicha hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga kelishib olindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti