Nukusda quvnoq va zukko askarlar bellashuvda qatnashdi

0
919

Harbiy jamoalarda sogʻlom muhitni taʼminlash, satira va kulgi sanʼatini tadbiq etish, harbiy xizmatchilarning ijodiy salohiyatini kuchaytirish, boʻlinmalarda axloqiy-ruhiy holatni yaxshilash maqsadida har yilgi anʼanaga muvofiq Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovi oʻtkazilib, eng quvnoq jamoalar saralanmoqda.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Mustaqilligimiz 32 yillik bayramiga bagʻishlab Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning ilgʻor jamoalari oʻrtasida mazkur tanlovning harbiy okrug bosqichi boʻlib oʻtdi.

Harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-axloqiy va intellektual jihatdan rivojlantirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va madaniy hordiq chiqarishlarini taʼminlashni koʻzlagan tanlov qiziqarli va kulgiga boy boʻldi.

“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida oʻtkazilgan tanlovda bir-biridan quvnoq chiqishlar, hazil-mutoyibaga boy boʻlgan sahna koʻrinishlari hech kimni befarq qoldirmadi. Asosiysi, ishtirokchilar birdamlik va jipslik bilan harakat qilib, bir maqsad yoʻlida intila oldi.

Nizomdagi talablarga koʻra, jamoalar “Salomlashuv”, “Biatlon”, “Uyga vazifa” shartlari boʻyicha oʻzaro bahslashib, eng quvnoq va zukko jamoa degan nom uchun kuchli raqobat muhitini yaratishdi.

Dolzarb mavzu, yoshlar orasida uchrayotgan muammolar va ularning yechimi, harbiy xizmatdagi hangomalar, kundalik qiziqarli voqealar aks etgan intermedialar tomoshabinlarning gulduros qarsagiga sazovor boʻldi.

“Quvnoqlar va zukkolar” tanlovida Nukus garnizonidagi harbiy qismlardani birining “Brigada” jamoasi eng yuqori ball toʻplab, navbatdagi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindorlar harbiy okrug qoʻmondonligining diplomi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati