Qo‘mondonlikda kasb bayrami nishonlandi

0
1942

Havo floti hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari mutaxassislari kuni munosabati bilan qo‘mondonlikning madaniyat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda mudofaa vazirining o‘rinbosari – Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burhonov mamlakatimiz havo sarhadlari daxlsizligini ta’minlashdek muhim vazifani o‘z zimmasiga olgan mutaxassislarni sana munosabati bilan samimiy qutladi. Qurolli Kuchlar faxriylari, qo‘mondonlikka bo‘ysunuvchi harbiy qismlar shaxsiy tarkibi videokonferensaloqa shaklida qatnashgan tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish yo‘lida xizmat qilayotgan soha fidoyilarining mehnatini e’tirof etdi.

Sharafli kasb bayramida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligining “Namunali xizmati uchun” ko‘krak nishoni, navbatdagi harbiy unvon va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

– Keyingi yillarda milliy armiyamiz, jumladan, harbiy aviatsiyamiz mamlakatimizning musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrash, shuningdek, yurtimizni har qanday ofatlardan bartaraf etishda xalqimiz bilan bir tan-u bir jon ekanini isbotlab kelmoqda, – deydi kapitan Isroiljon Nazarov. – Bugungi tadbirda menga “Namunali xizmati uchun” ko‘krak nishoni berilganidan xursandman. Bu rag‘bat zimmamdagi mas’uliyatni kelgusida ikki karra oshirib, bor kuch va bilimimni jonajon O‘zbekistonimizning barqaror kelajagini ta’minlash uchun safarbar etishga undaydi.

Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti