Chirchiqda Havo floti kuni munosabati bilan aviashou tashkil etildi

0
1799

Kundalik hayotimizda harbiy-havo kuchlari faoliyati mamlakatning oddiy fuqarolari ko‘ziga tanish emas. Ular odamlarni tashqi tahdidlardan himoyalash bilan bir qatorda, turli qutqaruv operatsiyalari va mamlakat ichidagi boshqa amaliyotlarda ishtirok etadi.

Shu ma’noda har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasi Havo floti kuni sifatida keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” umumqoʻshin dala-oʻquv poligoni hududidagi markaziy maydonda bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayramda kasb bayramini nishonlayotgan Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilari, ularning oiala aʼzolari, turli yoshdagi aviatsiya ixlosmandlari jam bo‘ldi.

Aviaparvozlarda jangovar va harbiy-transport samolyotlari hamda vertolyotlar uchuvchilari o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Xususan, harbiy uchoqlar tomonidan samoda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasviri hosil qilindi.

Aviashouda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Ahmad Burhonov ishtirok etib, uchuvchilarning manyovrlarini kuzatib bordi. Ayniqsa, qo‘mondon tomonidan namoyish etilgan murakkab va qiziqarli manyovrlarga boy aviachiqish yig‘ilganlarda ulkan taassurot qoldirdi. Desantchilarning jangovar vertolyotidan parashyut bilan ko‘rgazmali sakrashlari ham shular jumlasidan.

Aytish joiz, bugungi kunda mamlakatimiz harbiy havo kuchlari zamonaviy uchish apparatlariga ega. Jumladan, harbiy havo kuchlari zamonaviy qurol-aslahalar, navigatsiya vositalari, radioelektron qurilmalar, jangovar samolyotlar, vertolyotlar bilan yetarli darajada ta’minlangan.

Tantanali tadbirda soʻz olganlar bu haqda batafsil so‘z yuritib, harbiy uchuvchilarimizning yuksak mehnati va fidoyiliklari, ustoz-shogird anaʼanalarining beqiyos oʻrnini e’tirof etar ekan, mamlakatimzning tinchligi va farovonligi yoʻlidagi sharafli faoliyatlariga omadlar tilashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti