Xivada armiyaning eng sara polvonlari mudofaa vaziri kubogi uchun bellashdi

0
1973

Xiva shahridagi Ichanqal’a majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun kurash hamda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida sportning dzyudo turi boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtdi.

“Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida oʻtkazilgan kurash musobaqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xorazm viloyati IIB, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, Bojxona qoʻmitasi boshqarmalari hamda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari harbiy xizmatchilaridan iborat jami 70 nafardan ortiq sportchi ishtirok etib, 7 ta vazn toifasida mudofaa vaziri kubogi uchun kuch sinashdi.

Shuningdek, dzyudo boʻyicha Mudofaa vazirligi musobaqasida vazirlik qoʻshinlarining harbiy okruglari, birlashma, oliy harbiy taʼlim muassasalari hamda markazga boʻysunuvchi harbiy qismlardan iborat 15 ta jamoaning 105 nafar aʼzosi 7 vazn toifasida gʻoliblik uchun bellashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari Sanʼatbek Salayev, Mudofaa vazirligi jismoniy tayyorgarlik va sport katta inspektori polkovnik Avaz Azimov, kuch tuzilmalari vakillari, mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, Respublika kurash federatsiyasi vakillari, taniqli sportchilar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda general-mayor Farhodjon Shermatov soʻzga chiqib, butun jahon nigohiga tushib, dovrugʻ va shuhrat qozonayotgan, millionlarni oʻziga mahliyo etayotgan milliy kurash jahonning yuksak maʼnaviy qadriyatlaridan biri sifatida oʻzining chuqur tarixiy ildizlariga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Murosasiz bahslarga boy oʻtgan chempionat ham katta sportga kirib kelayotgan yosh va umidli sportchilar, ham yuksak natijalarga erishib ulgurgan tajribali polvonlarga oʻzaro tajriba almashish, oʻz kuchi va imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazish hamda koʻnikmalarini mustahkamlashga imkon yaratdi.

Kurash boʻyicha mudofaa vaziri kubogi uchun kechgan bahslarning yakuni boʻyicha faxrli 3-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi egallagan boʻlsa, 2-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasiga nasib etdi. Shohsupaning yuqori pogʻonasidan uchta 1-oʻrin, ikkita 2- va bitta 3-oʻrinlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi egallab, mudofaa vaziri kubogi bilan taqdirlandi.

Dzyudo sport turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilgan musobaqaning yakuni boʻyicha umumjamoa hisobida 1-oʻrinni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug va Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonliklari egalladi. Bellashuvning ikkinchi pogʻonasidan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi vakillari egallagan boʻlsa, kuchli uchlikdan Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi sportchilari joy oldi.

Musobaqalarda gʻolib va sovrindor jamoalar hamda sportchilar Mudofaa vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan medal, diplom, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati