“Dovyurak jangchi” nishoni uchun nomzodlar saralandi

0
1533

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishonini beruvchi intensiv sinovlarning saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Kursantlarning jismoniy tayyorgarligi va jangovar shayligini yanada oshirish, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, tabiiy notekis joylardan marsh yurish, yugurish, qurollardan o‘q otish hamda pichoq uloqtirish malakalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan sinovlar qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tdi.

– Ushbu bellashuv 3 bosqichda olib borildi, – deydi bilim yurtining Jismoniy tayyorgarlik va sport kafedrasi boshlig‘i podpolkovnik Aziz Haydarov. – Dastlabki bosqichda sinov ishtirokchilari kompleks kuch mashqlarini bajardilar. Keyingi bosqichda 30 kilometr masofaga piyoda yurish, marsh yugurish mashqlari amalga oshirildi. So‘nggi bosqichda kursantlar yagona to‘siqlar yo‘lagidan oshib o‘tdi, o‘qotar qurollardan (avtomat yoki to‘pponchadan) amaliy otib, pichoq uloqtirdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, bilim yurtidan 5 nafar kursant saralanib, ular Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosida o‘tkaziladigan “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishonini beruvchi intensiv sinovlarda ishtirok etadilar. Mazkur bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tgan harbiy xizmatchilar “Dovyurak jangchi” nishoni va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti