Bilim yurtida sport bayrami

0
961

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Otam, onam va men sporchi oilamiz” shiori ostida sport musobaqasi o‘tkazildi.

Bilim yurtida harbiy xizmatchilar va oila a’zolarini sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, sport orqali Vatan himoyachilarining jismoniy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish, farzandlarini sport turlariga qiziqtirish hamda oilada sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan bellashuvda 13 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.

Dastlab “Quvnoq estafeta” shartida ota start chizig‘idan ikkita 16 kilogramm toshni 20 metr masofaga olib yugurdi. Tosh finish chizig‘idan o‘tkazib qo‘yilganidan so‘ng ona gimnastika halqasini aylantirib, 20 metr masofani bosib o‘tib, farzandiga navbat berdi. Oilaning uchinchi vakili to‘pni olib, 20 metr masofaga to‘siqlar osha yugurdi. Oxirgi to‘trinchi ishtirokchi esa to‘pni oyog‘i bilan zigzak usulda qo‘yilgan to‘sinlar orasidan olib o‘tib, finish marrasini kesib o‘tdi.

Bellashuvda “Tosh ko‘tarish”, “Gimnastika halqasini aylantirish”, “Basketbol halqasiga to‘p tushirish”, “Mini-futbol darvozasiga to‘p tepish” shartlari ham murosasiz bahslar, qizg‘in vaziyatlar va hayajonga boy tarzda o‘tdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, bilim yurtining o‘quv jarayonini ta’minlash bazasi katta yo‘riqchisi III darajali serjant Javlon Sodiqov oilasi 1-o‘rinni egalladi. Kichik serjant Vahobiddin Rasulov oilasi ikkinchi va Taktika kafedrasi katta yo‘riqchisi I darajali serjant Yaminjon Xolmirzayev oilasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ishtirokchilar orasidan eng sara harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.

Bilim yurti boshlig‘i polkovnik Shavkat Mamajonov g‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alarni topshirib, ularni sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotida namuna bo‘layotganlari bilan samimiy qutladi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti