Artilleriya mutaxassislari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in bo‘lib o‘tdi

0
1307

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi artilleriya qoʻshinlari davlatimiz xavfsizligining dahlsizligini taʼminlovchi, milliy armiyamizning salohiyatini oshiruvchi qoʻshin turlaridan biri sanaladi. Artilleriya qoʻshinlarida oʻtkazilib turiladigan oʻquv mashgʻulotlar va seminar-treninglar esa sohada jangovar tayyorgarlikni hamisha yuqori suratda ushlab turish imkoniyatini beradi.

Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy okruglar artilleriya boʻlinmalari rahbariyati tarkibi hamda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti professor oʻqituvchilari ishtirokida oʻtkazilgan seminar-trening shular jumlasidandir. Unda okruglar kesimida va hamkorligida amalga oshirilgan oʻquvlar tahlili muhokama qilinib, divizionlarining jangovar shayligini oshirish, qurol-aslaha, reaktiv qurilma va oʻzi yurar artilleriya texnikalarni samarali qoʻllash boʻyicha yangi tajribalarni amaliyotga kiritish masalalari koʻrib chiqildi.

Seminar-trening davomida izlanuvchan artilleriyachi ofitserlar tomonidan taqdim qilingan innovatsion loyihalar ham amaliy koʻrinishda namoyish etildi. Mutaxassislar mazkur loyihalar bilan bir qatorda, oʻt ochish pozitsiyalarini muhandislik jihozlash, muhitga mos niqoblanish, uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida nishon koordinatlarini tez surʼatda aniqlash va uni yakson etish usullari boʻyicha ishlab chiqilgan yangi taktik qoʻllanmalar asosida oʻzaro tajriba almashildi.

Umuman olganda ikki kun davom etgan seminar-trening artilleriya qoʻshinlarining zamonaviy jang olib borish amaliyoti yuzasidan amaliy taklif va mulohazalar atroflicha oʻrganildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Termiz shahrining tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishishdi.